Joriy yilning 9 iyul kuni "Erasmus Mundus Qo'shma magisterlik dasturlari" yo'nalishi bo'yicha Yevropa Ittifoqida 2 yil davomida magistraturada ta'lim olish uchun O'zbekistondan 16 nafar talaba stipendiya yutib olish imkoniyatiga ega bo'lganligi munosabati bilan O'zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi va O'zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi bilan hamkorlikda onlayn uchrashuv tashkillashtirildi. Ular respublikamiz uchun muhim bo'lgan yo'nalishlar bo'yicha tahsil olishadi, shu jumladan ta'limning asosiy yo'nalishlari - tibbiyot, qishloq xo'jaligi, muhandislik, siyosat, xalqaro huquq va boshqalardan iboratdir.
Uchrashuvda Erasmus+ ofisining faoliyati, talabalar va bitiruvchilar uchun turli platformalar orqali aloqa o'rnatish imkoniyatlari, bitiruvchilar va hozirgi talabalarning magistrlik dasturida muvaffaqiyatini maksimal darajaga ko'tarish bo'yicha maslahat va tavsiyalar berildi. Shuningdek, Yevropada ikki yillik ta’lim davomida talabalar duch keladigan yoki duch kelishi mumkin bo'lgan maishiy va tashkiliy masalalarga ham to'xtalib o'tdilar.
Tadbirning ochilish nutqida Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi Elchisi Sharlott Adrian xonim ta'kidlab o’tdi: “Umuman olganda, so'nggi besh yil ichida 72 nafar O'zbekiston yoshlari Erasmus Mundus stipendiyalariga ega bo'ldilar. Chet elda ta’lim olish global iqtisodiyotda muvaffaqiyat kaliti bo'lib qolmoqda. O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi sizlardek sayohat qiladigan, dunyoni kashf etadigan va hamkorligimizni rivojlantiradigan yosh, yorqin, o'qimishli va fidoyi odamlarga umid bog’lamoqda".
Shu bilan birga, Erasmus+ ofisi koordinatori Aziza Abduraxmanova o’z nutqida stipendiantlarni iliq so`zlar bilan tabrikladi. O’z nutqida, uchrashuvning asosiy maqsadi EMJMD bitiruvchilari va ayni paytda tahsil olayotgan talabalar o'rtasida aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishga hamda tajriba almashishga ko'maklashish juda muhim ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, Yevropaning turli universitetlarida ta’lim olish davomida bilim va amaliy ko'nikmalarga ega bo'lgan talabalar O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarga hissa qo'shishiga umid bildirdi.
Uchrashuvni Erasmus+ ofis eksperti Kudratxon Baxadirov Erasmus+ dasturining imkoniyatlari haqida ma’lumot taqdim etib, talabalar uchun mavjud bo'lgan maxsus aloqa va hamkorlik platformalarini, shu jumladan Erasmus Mundus talabalari va bitiruvchilari Assotsiatsiyasi va Erasmus talabalar tarmoqlari bilan batafsil tanishtirdi. EMJMD bitiruvchilari va talabalari Yevropadagi hayot va ta'lim haqidagi tajribalari bilan o'rtoqlashdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar va tajribaga ega talabalardan javob olishdi.
Bundan tashqari, Nora Gavalian (Team Universitetida dastur rahbari) "Xalqaro madaniyat, muloqot va ta'lim" mavzusida juda foydali trening o'tkazdi. Yevropada yangi hayotlarini boshlash yo’lida turgan talabalarning turli xil vaziyatlardagi qulayllik darajasini tekshirish va turli madaniyatlarga moslashish uchun ba'zi maslahatlar berildi.
Bu kabi uchrashuvlar Erasmus Mundus talabalari va bitiruvchilari o'rtasida kelajakda hamkorlik va tarmoqni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishiga asos bo’la oladi.