Erasmus+ Xalqaro kredit mobilligining navbatdagi 4-chi konferentsiyasi
2020 yil 16 dekabr kuni "Xalqaro kredit mobillik: ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishdagi ahamiyati" mavzusidagi 4-chi respublika ilmiy-amaliy online konferentsiyasi bo’lib o’tdi.
Konferentsiyaning asosiy maqsadi - O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi oliy o'quv yurtlari (OTM) o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikni tashkil qilishda va O'zbekiston oliy ta'limini baynalmilallashtirishda Boloniya jarayoni tamoyillarini targ'ib qilishdan iborat edi.
Tadbirda, mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlar professor-o‘qituvchilari, xodimlar, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva oliy ta'lim tizimini baynalmilallashtirish jarayoni so‘nggi 3 yil ichida shiddat bilan kechganligi, bu davr tub o‘zgarishlar va ta'lim sifatini tubdan yaxshilash hamda respublikada oliy ta'lim tizimini umum e'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha muhim qarorlar davri bo‘lganligini qayd etgan holda mobillikning ahamiyati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Tadbir davomida, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Javlon Abdujalilov, Erasmus+ dasturining O‘zbekistondagi koordinatori Aziza Abdurakhmanova va oliy ta'lim ekspertlarining Milliy guruhining bir qator a'zolari mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining Erasmus+ doirasida xalqaro universitetlar bilan hamkorligining bugungi kundagi holati borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, sohani yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirib o‘tdi.
Erasmus+ milliy koordinatori A.Abduraxmanova “o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilarning akademik mobilligi –internasionalizasiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi va oliy o‘quv yurtlarda kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning asosiy vositalaridan biri hisoblanishini ta'kidladi. Raqamlarga e'tibor qaratiladigan bo‘lsa, 2015-2020 yillardagi tanlovlar natijasida birgina respublikamizning 45dan ortiq oliy o‘quv yurtlari Yevropa universitetlari bilan 432 ta hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan, bu bilan 1423 nafar talaba, doktorant va o‘qituvchilarning O‘zbekistondan Yevropaga mobilligi ta'minlandi hamda 644 nafar Yevropa universitetlari doktorantlari va professorlari O‘zbekistonda tashrif buyurganligini ma’lum qildi.
Shu bilan birgalikda, mobillik qatnashchilari tomonidan xorijiy universitetlaridagi ta'lim jarayoni hamda mobillik davomida qo‘llanilgan ilg‘or metodikalarni respublikamizda tadbiq qilish kabi masalalar bo‘yicha ham ma'ruzalar qilindi.
Konferentsiya yakunida Ekspertlar milliy guruhi a’zolari faol ishtirokchilarni sertifikat hamda 5ta turli nominatsiyalar bo‘yicha 5ta OTM vakillarini diplomlar bilan taqdirladi.