Версия для слабовидящих: Вкл Выкл Изображения: Вкл Выкл Размер шрифта: A A A Цветовая схема: A A A A

“Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida kredit tizimini joriy etishdagi muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro vebinar oʻtkazildi

“Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida kredit tizimini joriy etishdagi muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro vebinar oʻtkazildi

17-sentyabr kuni Erasmus+ milliy ofisi tashabbusi bilan “Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida kredit tizimini joriy etishdagi muammolar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro onlayn vebinar tashkil etildi.


Online tarzda oʻtkazilgan tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining fan va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Uzoqboy Begimkulov, Erasmus+ ofisi koordinatori Aziza Abdurakhmanova, xorijlik ekspertlar hamda professor-oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida kredit tizimiga oʻtish va rivojlantirish uchun ilgʻor xorijiy tajribalar va samaradorlikni oshirish mexanizmlar oʻrganish maqsadida tashkil etilgan seminarda Oʻzbekiston, Germaniya, Rossiya va Qozogʻiston ekspertlari tomonidan kredit tizimini taʼlim tizimiga tatbiq etish va oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha tajribalari, Bolonya deklaratsiyasini imzolagan davlatlardagi vaziyatning tahliliga oid maʼruzalar tinglandi.

Tadbirda maʼruza qilgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 6-avgust kuni oliy taʼlim muassasalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda yurtimizdagi kamida 35 ta davlat OTMlarida birinchi kurs talabalari uchun oʻqishni kredit-modul tizimi asosida tashkil etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilganini taʼkidlar ekan, mazkur yoʻnalish boʻyicha mavjud muammoli holatlarga toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, Taʼlim inspeksiyasi va Respublika oliy taʼlim kengashi tomonidan professor-oʻqituvchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan soʻrovnomaning dastlabki natijalariga koʻra ishtirokchi pedagoglarning 21,7 foizi kredit-modul tizimi haqida toʻliq tasavvur ega ekanliklarini maʼlum qilgan boʻlsa, 80,5 foizi esa hali oʻquv jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etishga tayyor emas. Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi shuning uchun ham ushbu vebinar yuqoridagi muammoni bartaraf etish, oʻqituvchilarning kredit-modul tizimi haqida xabardorligi oshirishda muhim metodik yordam boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

Yevropa kredit tizimini joriy etish, avvalo, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini taʼminlashning samarali mexanizmlarini joriy etishni talab qiladi. Taʼlim inspeksiyasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda taʼlim sifatining Yevropa standartlari (ESG) asosida taʼlim sifatini oshirishda OTMlar har tomonlama koʻmaklashmoqda.

Xususan, OTMlarda taʼlim sifatini baholashning yangi institutsional tizimi yaratildi. Shu bilan birga, bunda muassasalarning mustaqilligi, taʼlim sifati uchun javobgarligini taʼminlash hamda tayyorlangan kadrlarning mehnat bozorida tan olinishiga qarab baho berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.


Taʼlim tashkilotlari xodimlari bilan hamkorlikda doimiy ravishda ichki oʻzini oʻzi baholashni amalga oshiradi va mehnat bozorining talablariga muvofiq taʼlim dasturlarini takomillashtiradi. Ayni vazifalarni yana-da samarali amalga oshirish maqsadida Taʼlim inspeksiyasi – Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasi (ENQA) kuzatuvchi sifatida kirgan.

Shuningdek, xalqaro vebinar davomida Berlin texnologiyalar universiteti vakili Yelena Yegoryan Yevropa kredit-modul tizimi (YEKMT) boʻyicha Germaniya tajribasi, rossiyalik Irina Sholina bu yoʻnalishda Ural federal universiteti tajribasi, qozogʻistonlik Gulnora Zokirova Xalqaro axborot texnologiyalari universiteti tajribasi hamda HERE eksperti, Toshkent pediatriya instituti vakili Igor Vixrov YEKMT krediti va oʻqitish natijalari: Bolonya deklaratsiyasini imzolagan davlatlardagi holatning qisqacha tahlili haqida maʼruza qilib, taqdimotlar oʻtkazishdi.

Tadbir yakunida mahalliy va xorijlik ekspertlar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarishdi.

Quyidagi havola orqali Youtube tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatib borilgan vebinar videosini tomosha qilishingiz mumkin: https://www.youtube.com/watch?v=c_lfN1nbBgM